Brifing: Respublikada ekologik vaziyatni yaxshilash maqsadida 240 ming gektar o‘rmonzorlar, Orol dengizining qurigan tubi va Orolbo‘yicha mintaqasida 226 ming gektar maydonda “yashil qoplamalar” barpo etiladi
Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan brifingda O‘rmon xo‘jaligi agentligi boshqarma boshlig‘i Zafar Eshonqulov ma'lum qildi.
O‘rmon fondi yerlari 11,9 mln. gektarni, ya'ni Respublika umumiy yer maydonining 26,4 foizi (2017 yilda 10,5 mln gektar, 23,4 foiz)ni tashkil qiladi, shundan o‘rmonzorlar maydoni 5,3 mln. gektar (11,8 foiz), shu jumladan, o‘rmon bilan qoplangan yer maydoni 3,5 mln. gektarni, ya'ni Respublika umumiy yer maydonining 7,7 foizi (2017 yilda 3,1 mln gektar, 6,9 foiz)ni tashkil etadi. O‘rmon fondining 81,8 foizi (9 701 418 gektar) cho‘l hududi, 13,7 foizi (1 618 578 gektar) tog‘ hududi, 4,2 foizi (503 147 gektar) to‘qay hududi, 0,3 foizi (34 987 gektar) vodiy hududidan iborat.
O‘tgan 2023 yil o‘tgan davri davomida O‘rmon xo‘jaligi agentligi tizimida bir qancha chora-tadbirlar amalga oshirildi.
Xususan, o‘rmon fondidagi 7000 gektar foydalanilmayotgan yer maydonlari o‘zlashtirildi.
Ekologik vaziyatni barqarorlashtirish, qum-ko‘chishi hamda atmosfera havosiga qum-chang ko‘tarilishini bartaraf etish maqsadida Orol dengizining qurigan tubi va Orolbo‘yi hududlarida o‘rmon-meliorativ tadbirlar amalga oshirildi, shundan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mo‘ynoq tumanida 127,8 ming gektar, Buxoro viloyatida 40,6 ming gektar, Navoiy viloyatida 43,7 ming gektar va Xorazm viloyatida 10,6 ming gektar maydonda saksovul va boshqa cho‘l o‘simliklaridan “yashil qoplamalar” barpo etildi.
O‘rmon xo‘jaliklari tomonidan 1,1 ming tonna cho‘l va boshqa turdagi daraxt va butalarning urug‘lari jamg‘arildi.
Niholxona va ko‘chatxonalarning umumiy moydoni 1,3 ming gektarga yetkazilib, 120 mln dona tuproq-iqlim sharoitga mos manzarali, mevali daraxt va butalarning nihol va ko‘chatlari, shundan, 32 mln dona tut ko‘chatlari, 14 mln dona terak va pavlovniya ko‘chatlari yetishtirilishi ta'minlandi.
“Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida respublika bo‘yicha 9443 ta mahallalarga 2 mln dona, 6739 ta maktabgacha ta'lim tashkilotlariga 813 ming dona ko‘chatlar bepul yetkazib berilib, ekilishi ta'minlandi. Shuningdek, Ekologiya jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan sog‘liqni saqlash tashkilotlariga 868 ming dona ko‘chatlarni yetkazib berildi.
Loyiha hujjatlari asosida respublikamizning 134 ta tuman va shaharlarida 347,1 gektar hamda Zomin davlat o‘rmon fondi yerlarida 110 gektar jami 457,1 gektar maydonda “yashil bog‘lar” barpo etish ishlari amalga oshirildi.
Sug‘oriladigan qishloq xo‘jaligi yerlari dala chetlarida 2,5 ming gektar maydonda ihota daraxtzorlari tashkil etilib, 5 mln dona ko‘chatlar ekildi.
O‘rmonlarni muhofaza qilish va saqlash maqsadida tizim tashkilotlari tomonidan 48 ming gektar maydonda o‘rmon kasallik va zararkunandalariga qarshi kurash ishlari o‘rganilib, 23 ming gektarda maydonda kurash ishlari olib borildi. O‘rmon yong‘inlarini oldini olish ishlarini muvofiqlashtirish maqsadida Agentlik va tizim tashkilotlarida yong‘in kelib chiqish xavfi yuqori bo‘lgan yoz mavsumida uzluksiz navbatchilik tashkil etildi.
O‘rmon hududlarida yashovchi aholi va o‘rmonga tashrif buyuruvchilar uchun o‘rmondan to‘g‘ri foydalanish, o‘rmon yong‘inlarini sodir etilishini oldini olish maqsadida 2800 dan ortiq ogohlantiruvchi bannerlar joylashtirildi.
Shu bilan birgalikda, o‘rmondan qo‘shimcha foydalanish sohasida ham qator ishlar bajarilmoqda. Xususiy sektor sub'ektlari tomonidan 2023 yilda 170 ming chorva mollarini o‘rmon fondi yaylov yerlarida o‘tlatish rejalashtirilgan bo‘lib, amalda xususiy sektor sub'ektlari tomonidan 300 ming chorva mollari o‘tlatildi. O‘rmon fondi yerlarida xususiy sektor sub'ektlari tomonidan asalari oilalarini joylashtirish rejasi 220 ming bo‘lib, amalda 222 ming asalari oilalari joylashtirildi.
5 ming 280 gektar maydonda dorivor va ozuqabop o‘simliklar plantatsiyasi tashkil etilib, 9 062 ming tonna xomashyo yetishtirildi.
2023 yilda 18,7 mln.dollar qiymatdagi 3 ta grant loyihasi bo‘yicha kelishuv imzolandi.
O‘rmon fondi yerlaridagi ekoturizm ob'ektlari soni 280 taga, eko marshrutlar soni 38 taga, tashrif markazlari soni 5 taga yetkazildi.
O‘rmon xo‘jaliklari tizimida 7,8 ming nafar yangi ish o‘rinlari yaratildi.
Shuningdek, 2024-yilda ham bir qancha vazifalar belgilab olingan.
- O‘rmon fondining 7 ming gektar yer maydonlari o‘zlashtirilib, foydalanishga kiritiladi;
- 1150 tonna cho‘l va boshqa turdagi daraxt va butalarning urug‘lari jamg‘ariladi;
- hududlarning tuproq-iqlim sharoitiga mos 122 mln. dona nihol va ko‘chatlar yetishtiriladi.
- respublikada ekologik vaziyatni yaxshilash maqsadida 240 ming gektar o‘rmonzorlar, shu jumladan Orol dengizining qurigan tubi va Orolbo‘yicha mintaqasida 226 ming gektar maydonda “yashil qoplamalar” barpo etiladi;
- loyiha hujjatlari asosida 347 gektar maydonda “yashil bog‘lar” hamda sug‘oriladigan qishloq xo‘jaligi yerlari dala chetlarida 2 500 gektar maydonda ihota daraxtzorlari barpo etiladi;
- xususiy sektor sub'ektlari bilan birgalikda mayda shoxli chorva mollari soni 180 ming boshga, parranda soni 1 mln 300 ming donaga, asalari oilasi soni 230 ming donaga yetkaziladi;
- 30,6 ming gektar maydonda qishloq xo‘jaligi ekinlari ekilib, 29,7 ming tonna mahsulotlar yetishtiriladi;
- 5,6 ming gektar maydonda dorivor va ozuqabop o‘simliklar plantatsiyalari tashkil etilib, 9641 tonna xom ashyosi yetishtiriladi;
- o‘rmon xo‘jaliklari tomonidan talab kelib chiqqan holda ko‘chat, nihol va qalamchalar yetkazib beriladi.
- o‘rmon fondi yer maydonlaridan yanada samarali foydalanish orqali 8,6 ming nafar yangi ish o‘rinlari yaratiladi.